• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

Sotish

ent="wid

Bosh sahifa Jamiyat Farg‘onada yangi qonun asosida 255 nafar fuqarolarning mulk huquqlari e’tirof etildi
Jamiyat
Iqtisodiyot

Farg‘onada yangi qonun asosida 255 nafar fuqarolarning mulk huquqlari e’tirof etildi

  • 20.08.2025 / 22:27
  • 645
  • 0
111

Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan Rishton tumanida tashkil etilgan PRЕSS-TURda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari, ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–937-sonli Qonuni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Kadastr agentligi tasdiqlagan maxsus reja-grafik asosida hozirda hududlar bo‘ylab xonadonlar xatlovdan o‘tkazilmoqda. Joriy yil davomida Farg‘ona viloyatining 306 ta mahallasida xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish va huquqiy hujjatlashtirish ishlari belgilangan. Ushbu amaliy ishlarga 2024-yil 5-avgust kuni qabul qilingan Qonun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyatida joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra 49 ming 293 ta ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 35 ming 48 tasi “UZKAD” milliy kadastr tizimiga kiritilgan bo‘lsa, 25 ming 593 ta obyekt “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuklandi. Hozirda esa 19 ming 949 ta obyekt bo‘yicha hujjatlar tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Shu kunga qadar viloyatda 255 nafar fuqarolarning mulk huquqlari e’tirof etildi.

Ushbu qonun doirasida ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun qator mezonlar belgilangan. Jumladan:

yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;

yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud bo‘lmasligi;

yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;

obyekt muhofaza zonalarida yoki sug‘oriladigan yerlarda joylashmaganligi;

bosh reja talablariga zid bo‘lmasligi (agar mavjud bo‘lsa);

har bir kategoriyaga xos boshqa shartlarga rioya qilinishi (investitsiya majburiyati, shirkat a’zoligi va boshqalar).

Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagicha belgilanadi:

1998-yil 1-iyulgacha egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;

1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-maygacha bo‘lgan davrda egallangan bo‘lsa: Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektargacha.

Agar yer uchastkasi amaldagidan ortiq maydonni egallagan bo‘lsa, ortiqcha qismi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zid kelmagan holda dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Qonunga ko‘ra, yer va binolarni qonuniylashtirish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:

Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari;

Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari;

viloyatlarga qarashli shaharlarda – BHMning 2 baravari;

boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari;

qolgan hollarda – tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida.

Davlatimiz rahbari boshchiligida yaratilayotgan ushbu imkoniyatlar nafaqat huquqiy muammolarni hal etishga, balki aholining farovonligini oshirish, inson qadrini yuksaltirish sari tashlangan muhim qadamlardan biridir. Bu jarayonda har bir fuqaroning faolligi va mas’uliyatli ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonuniylashtirilgan mulk – bu kelajakka ishonch, farzandlarimiz uchun mustahkam poydevor demakdir.

Ma’lumot uchun, yurtdoshlarimiz o‘z mahallalarida qachondan xatlov ishlari boshlanishini etirof.kadastr.uz sayti orqali bilib olishlari mumkin.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar