Belarus poytaxti Minsk shahriga Oʼzbekistonning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nuriddin Mamajonov yetib bordi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.
Tayinlovga qadar Nuriddin Mamajonov Fargʼona viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʼyicha oʼrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʼi lavozimida ishlab kelgan.
45 yoshli diplomat Oʼzbekiston Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Chexiyadagi Markaziy Bogemiya universitetini tamomlagan. Shuningdek, Praga shahridagi Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida (DBA) biznes boshqaruvi doktori darajasini olgan.
U mehnat faoliyati davomida Oʼzbekiston Аdliya va Tashqi ishlar vazirliklarida, shuningdek, mamlakatning Germaniyadagi elchixonasi va Frankfurt-na-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2022–2023 yillarda esa Oʼzbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʼyicha maslahatchi, keyinchalik Tashqi ishlar vazirligining Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshligʼining birinchi oʼrinbosari boʼlib ishlagan.
Nuriddin Mamajonov 2024–2026 yillarda Minskdagi Oʼzbekiston elchixonasiga rahbarlik qilgan Rahmatulla Nazarov oʼrnini egalladi.
Аvvalroq Prezident Shavkat Mirziyoev Oʼzbekistonning Belarusdagi elchisi investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni rivojlantirish masalalariga loqayd munosabatda boʼlgani uchun lavozimidan ozod etilganini maʼlum qilgan edi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari