Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari”da 25 ming, “Hududgaz”da 16 ming xodim ishlaydi. Lekin xodimlar ishini boshqarish raqamlashmagani sababli kun davomida kim nima bilan bandligini na elektr tarmog‘i, na gaz ta’minoti rahbari biladi.
Shu bois, mehnat unumdorligi boshqa davlatlardan 1,5-2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3-4 barobar ko‘p.
Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.
Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjiri, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minotini “stress-audit”dan o‘tkazadi. Shu asosda sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqiladi.
Har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqaradigan tizim yaratiladi. ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt orqali tahlil qilinib, shubhali o‘zgarishlarni aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.
Tizimdagi 106 ming xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilanadi. Unda avariyaviy va rejali o‘chishlar, yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi va ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon bo‘ladi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Hozir tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan 1 ming 916 ta mahalla mavjud.
Mas’ullarga uch oyda ushbu mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish uchun qancha infratuzilma va qo‘shimcha elektr energiyasi talab etilishini hisob-kitob qilish topshirildi.
Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. So‘nggi yillarda mazkur tizim raqamlashtirilib, ancha tartibga keltirilgan bo‘lsa-da, gazni o‘z vaqtida yetkazish muammosi to‘liq hal etilmagan.
Suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va buni Andijon viloyatidan boshlash taklifi ma’qullandi.
Andijon viloyatida olti oyda rejadagi 48 ming tonna o‘rniga 41 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. 318 ta mahallada ta’minot grafikdan orqada qolmoqda.
Endi tadbirkorlar o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berishi mumkin bo‘ladi. Yil boshidan xususiy sektor tomonidan 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.
Ijtimoiy reyestrga kirgan oilalarga suyultirilgan gaz uchun subsidiya beriladi. Yil yakunigacha bu borada “Andijon tajribasi” yaratiladi.
Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Hozir aholiga gaz standart hajmdagi 20 kilogrammli ballonlarda yetkaziladi. Vaholanki, ayrim xonadonlarga oylik iste’mol uchun 5-6 kilogramm yetarli bo‘lsa, boshqa iste’molchilarga 30-40 kilogrammli ballon zarur.
Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi bir oyda xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari