Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etish, aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish Yozyovon tumanida ham o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, issiqxonalarda limon yetishtirish bo‘yicha tumanda yuqori ko‘rsatkichlarga erishilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Yozyovon tumanidagi 14 gektar issiqxona maydonida 372 tonna limon hosili olingan. Joriy yilda esa aholi tomorqalarida qo‘shimcha 20 gektar issiqxona barpo etilgani limonchilik rivojiga yanada katta turtki berdi. Bugungi kunda yetishtirilayotgan hosilning asosiy qismi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Ayni paytda tumanning Xonobod mahallasi hududida joylashgan “Farsitrus” fermer xo‘jaligiga qarashli qariyb 2 gektarlik issiqxonada yetishtirilgan navbatdagi limon hosili eksportga tayyorlanmoqda.

Farg‘ona viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Yozyovon tumani fitosanitariya inspektorlari mahsulotlarni zararkunandalardan xoli sharoitda yetishtirish, kimyoviy hamda biologik ishlov berish, fitosanitar hujjatlarni rasmiylashtirish va eksport jarayonini tashkil etishda fermerlarga amaliy ko‘mak berib kelmoqda. Inspektorlar tomonidan har bir bosqich – issiqxonaning holati, o‘simliklarni parvarishlash, zararkunandalardan muhofaza qilish, mahsulotni saralash va qadoqlash jarayonlari qat’iy nazorat qilinadi.

– Karantin inspektorlari tomonidan berilgan tavsiyalar va nazorat ishlari tufayli yetishtirgan limonimiz eksportbop bo‘lmoqda, – deydi “Farsitrus” fermer xo‘jaligi rahbari Mashrabjon Jo‘rayev. – Har bir jarayon – o‘simlikni parvarishlashdan tortib, eksport hujjatlarini rasmiylashtirishgacha mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Yozyovon tumanida limonchilikning rivojlanishi aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan olinadigan daromadni oshirish va tumanning eksport salohiyatini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari