Qo‘qon shahrida joylashgan "Europrint" MCHJda 400 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, Uchko‘prik tumanida uning tasarrufida faoliyat ko‘rsatuvchi mevani tabiiy usulda quritish va qadoqlash korxonasi Xitoy texnologiyasi asosida jihozlangan.
Ayni paytda 100 ta ish o‘rniga ega korxonada olma, olxo‘ri, o‘rik, gilos, uzum, behi, xurmo, limon kabi 10 turdan ortiq mevalarimiz tabiiy usulda quritilib, eksport qilinmoqda. Shu maqsadda korxona tomonidan tuman hududida olma, gilos, uzum kabi intensiv bog‘lar barpo etilgan. Hozirda tabiiy darmondorilarga boy ushbu mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Tojikistonda, umuman olganda, MDH davlatlarida xaridorgir bo‘lib ulgurgan.

Bugungi kunda 30 tonna olma, xurmo, limon mevasi zamonaviy mezonlar asosida qadoqlanib, korxona yorlig‘i ostida eksportga chiqarishga tayyorlab qo‘yildi.
Eksport ko‘lamini kengaytirish borasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida shu kunlarda korxona brendi ostida qadoqlangan ilk mahsulotlar Xitoy, Yaponiyadagi savdo hamkorlariga jo‘natildi. Shu bilan birga taklif asosida Yevropadagi yirik savdo tarmoqlariga ham yetkazib berildi.

Shuningdek, bu yerda ichki bozor ehtiyoji uchun shifobaxsh choylar ham qadoqlanib, buyurtma asosida mamlakatimiz bo‘ylab yetkazib berilmoqda. Jahon bozori talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, yaqin istiqbolda shifobaxsh choylar hamda dorivor giyohlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilgan.

– Bu yerda zamonaviy laboratoriya ham tashkil etilgan bo‘lib, muntazam ravishda yangi ta’mlar yaratamiz, – deydi korxona texnologi Sadoqat Irgasheva. – Farg‘ona viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida faoliyat olib borayotgan “Hududiy eksport shtabi” eksport jarayonlarida ko‘maklashib kelmoqda. Shtab tomonidan bozor talab va tartiblari hamda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari haqida ma’lumotlar berib borilmoqda. Ayni jarayonda boshqarmaning Uchko‘prik tumani bo‘limi inspektorlari ham eksport sohasida joriy etilayotgan xalqaro talab va andozalar, qonunchilikdagi yangiliklar bo‘yicha bizga amaliy ko‘mak berib kelmoqdalar.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari