Til – buyuk ne’mat, u – millatning faxr-g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga, boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Til tarixini, uning meyoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini xalq tarixidan ayri holda o‘rganib bo‘lmaydi. Chunki unda millat o‘tmishi, asriy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi. Shu bois Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, ya’ni “Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi”, deb ta’kidlaydi.
Buyuk alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘zining “Turkiston qayg‘usi” kitobida shunday yozgan edi: “Odam o‘zligini unutmasligi uchun uch narsani qo‘ldan boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini...”
Yurtimiz istiqlolga erishgach, Bosh Qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. So‘nggi yillarida ona tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining “Dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo, o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi”, degan so‘zlari ham fikrimizga yo‘ldosh bo‘ladi. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ona tilimizning nufuzi va mavqeini yanada oshirishga xizmat qildi, desak yanglishmaymiz.
Afsuski, muayyan omillar natijasida bugun yoshlarimizda ona tili va adabiyotimizni o‘rganishga mehr va ishtiyoq sustlashgandek. Savodxonlik darajasi ham ko‘ngilni xira qiladi. Bu – millat taraqqiyoti uchun ulkan fojia. Zero qaysi yurt farzandlari o‘z ona tilida o‘qishni to‘xtatsa, o‘sha til yo‘qlik qa’riga singadi. Uni yot ta’sirlardan saqlash yurt kelajagini belgilaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Ishoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Qahramon shoirimiz Erkin Vohidov esa shunday deydi: “O‘z ona tilini sevmagan, til zamirida yotgan tarixni bilmagan, qiziqmagan odam barkamol sanalmas. O‘z tiling o‘z vataningdek aziz, o‘z onangdek tabarruk”.
Tilga e’tibor odamlarning ona tilini o‘z onasi kabi hurmat qilishi, avaylashi, til sofligini asrashni burch, deb qabul qilishi bilan bog‘liqdir. Shuningdek, insonning o‘z ona tiliga munosabati – uning ma’naviyatliligi mezoni hisoblanadi. Shu o‘rinda o‘z tilini hurmat qilmaydigan odamni ma’naviyatli sanash ham noto‘g‘ri bo‘ladi.
Til – qadriyatdir. Uni qadrlashimiz kerak. Ona tili – millatning muhim shartidir. Tilsiz millat tan olinmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni asraylik, uning rivoji, taraqqiyoti uchun barchamiz birdek jon kuydiraylik.
Gulbahor Roziqova,
FarDU tilshunoslik kafedrasi professori,
filologiya fanlari doktori
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari