Bugungi kunda, aholi o‘rtasida buyrak kasalliklari ko‘payib bormoqda. Ushbu xastalikka bo‘lgan e’tiborsizlik esa bora-bora buyrak yetishmovchiligi kasalligini keltirib chiqaradi. Buning oqibatida buyraklar sekin-asta ishdan chiqib, qurish darajasiga yetib keladi. Ushbu holatda esa bemor muntazam gemodializ seanslarini olibgina hayot kechirishi mumkin.
Xo‘sh, buyraklarni sog‘lom saqlash, bu jarayonda asosan nimalarga e’tibor qaratish kerak? Ana shu kabi savollarga javob topish maqsadida nefrolog Inomjon Hamroyev bilan suhbatlashdik.
Inomjonaka aytingchi, buyrak kasalliklari nima sababdan kelib chiqadi?

Inomjon Xamrayev - nefrolog shifokor
Buyrak kasalliklari turli sabablarga ko‘ra keli chiqishi mumkin. Ularning ba’zilari insonlarda tug‘ma bo‘lsa, ba’zilari esa hayot davomida orttiriladi.
Masalan, yuqori qon bosimi, ya’ni gipertoniya. Qon bosimining muntazam yuqori bo‘lishi buyrak tomirlarini zararlab, uning tozalash vazifasini buzadi. Bu nefroskleroz deb ataladigan holatga olib kelishi mumkin.
Qandli diabed, u buyrakdagi mayda qon tomrlariga ziyon yetkazadi. Va bu nefropatiyaga olib keladi. Bu diabet asoratlarining eng xatarlisi hisoblanadi.
Piyelonefrit. Buyrak yoki peshob yo‘llaridagi infeksiyalar ko‘p takrorlansa buyrak to‘qimalari zararlanadi. Vaqt o‘tishi bilan unda to‘liq ishlamaslik holati rivojlanishi mumkin.
Muqarrar dorilar va zaharli moddalar. Aksariyat og‘riqsizlantiruvchi dori vositalari ayniqsa, nosteroid yallig‘lanishga qarshi qarshi dorilarni uzoq muddat qabul qilish buyrakka zarar yetkazish mumkin. Shuningdek, boshqa sabablar ushbu kasallikni keltirib chiqarib, natijada insonda buyrak yetishmovchiligi xastaligi vujudga keladi.
Bunday kasalikka chalingan bemorlar qanday tartibda davolanishi kerak?
Bunday vaziyatlarda shifokorlar bemorlarga zaruriy dori-darmonlar qabul qilishi, to‘g‘ri ovqatlanish va maxsus parxez tutishini tavsiya beradilar. Agar kasallik rivojlangan bo‘lsa, bemor gemodializga, ya’ni qonni tozalash apparatiga olinib, dializ qilinadi.
Gemodializ haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz
Gemodializ buyraklar o‘z vazifasini bajara olmaganda ularning vazifasini vaqtincha bajaradigan tibbiy usuldir. Bunda organizmdan chiqib ketishi kerak bo‘lgan mahsulotlar, mochevina kreatin, ortiqcha suv va elektrolitlar maxsus apparat yordamida tana ichidan chiqarib yuboriladi. Bemor haftasiga 2-3 marta shifoxonada gemodializ seanslarini oladi. Har bir seans 4 soat davom etadi. Qon maxsus apparat orqali filtrlanadi va qayta organizmga yuboriladi.
Gemodializ oluvchi bemorlarning ovqatlanish tartibi qanday kechadi?
Gemodializ oluvchi bemorlar boshqa sog‘lom bemorlar qatori ovqatlanishi mumkin. Faqat achchiq, sho‘r, baliq mahsulotlari, yog‘li mahsulotlar, xamirli ovqatlar, turli kompotlar, kaliy miqdorini ko‘paytiruvchi oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilmasligi kerak. Shuningdek, suv rejimini saqlash lozim. Ya’ni peshob ajralish natijasiga qarab, suv iste’mol qilishlari kerak. Bemorga ko‘proq go‘sht mahsulotlari tavsiya qilinadi. Dializ qorin to‘q holatda olinsa yanada samaraliroq bo‘ladi.

Gemodializ oluvchi bemorlarga uy sharoitida qanday tavsiya va maslahatlar berasiz?
Albatta gemodializ oluvchi bemorlar boshida tushkunlikka tushib qolishlari mumkin. Bu holatda ularga yaqinlari dalda, motivatsiya berishlari kerak. Dializ oluvchi bemorlarni doimo kayfiyatlarini ko‘tarishlari kerak. Bu esa tushkunlikdan chiqish uchun yordam beradi. Har bir dializ seanslarini o‘z vaqtida qoldirmay belgilangan soatlarda to‘liq olishi kerak.
Uy sharoitida bunday bemorlarni vaqti-vaqti bilan qon bosismini o‘lchab turish kerak. Qon bo‘luvchi maxsulotlardan iste’mol qilib turish kerak. Masalan, olma, qizil lavlagi va boshqa mahsulotlar. Chunki dializ oluvchi bemorlarga qon muhim ahamiyat kasb etadi.
Ovqatlanishda qat’iy parxezga amal qilish kerak. Tuz, kaliy va fosfordan cheklanish kerak. Ortiqcha ko‘p suv ichmaslik kerak. Bu qorin shishlardan asraydi.
Agar ushbu qoidalarga muntazam amal qilinsa, dializ olib ham uzoq umr kechirish mumkin. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, dializ oluvchi ayrim bemorlar davlat ishlarida ishlab yoki oliygohlarda o‘qib, hattoki chet el sayohatlariga borib, o‘z vaqtida vaqtida gemodializni olib chiroyli hayot kechirmoqdalar.
Quvonarlisi, keyingi vaqtlarda hududlarda tibbiyot muassasalarida gemodializ bo‘limlari tashkil etilib, zamonaviy tibbiy asbob uskunalar, dializ aparatlari bilan ta’minlanmoqda. Bu esa bemorlarni yanada sifatli gemodializ muolajalarini olib, tinch va baxtli, xotirjam hayot kechirishlariga xizmat qilmoqda.
Albatta, ko‘p holatlarda esa bemorlarimiz buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini o‘tkazib, yana sog‘lom hayot kechirayotganliklari bizlarni yanada quvontirmoqda. Biz shifokorlar albatta, bemorlarimizning ushbu xastalikdan forig‘ bo‘lib, sog‘lom hayot kechirishlarini istaymiz.
Dunyoda har bir kasalikka bee’tibor qarash, vaqtida oldini olmaslik kelgusida xavfli holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Zero, xalqimizda “Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” degan gaplar bejizga aytilmagan. Kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, to‘g‘ri davolash va turmush tarzini nazorat qilish orqali uning asoratlarini yengillashtirish mumkin.
Eng muhimi, har bir inson o‘z salomatligi uchun ma’suliyatni his qilib, profilaktikaga e’tibor qaratib yashasa, hayoti farovon bo‘ladi.
Fotima Mansurova, jurnalist
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari