Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining yangi ko‘p tarmoqli klinikasi – Smart shifoxona ochildi.
Tantanali ochilish tadbirida viloyat mutasaddilari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, institut rahbariyati, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Boboyev va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayevlar qatnashishdi.

Yangi klinika Prezidentimizning mazkur viloyatga tashrifi chog‘ida bergan tegishli topshiriqlari ijrosi doirasida, Farg‘onadagi 2-son shahar shifoxonasi negizida barpo etilgan. Ushbu zamonaviy muassasa qurilishiga institutning 50 mlrd. so‘mdan ortiq budjetdan tashqari mablag‘i sarflandi.
Klinika sun’iy intellekt texnologiyalari bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, yurtimizdagi ilk kompleks Smart AI-shifoxonalardan hisoblanadi.

Shifo maskanidan "Umumiy terapiya", "Umumiy xirurgiya", "Anesteziologiya va reanimatsiya", "Qabul-diagnostika", "Fizioterapiya" bo‘limlari joy olgan. Palatalardagi yotoq karavotlari 3 funksiyali elektron pult orqali boshqariladi. Hamshiralar bilan bog‘lanish uchun elektron chaqiruv – “Nurse Call System” panellari o‘rnatilgan.
Yo‘laklarga ilingan yirik monitorlar orqali barcha murojaatlar onlayn kuzatib boriladi. Bemor murojaat qilgan paytda uning palatasi eshigi ustida vizual signal (qizil indikator) yoqiladi, bu esa tezkor reaksiya mexanizmini ta’minlaydi. Qolaversa, sanitariya xonalaridagi SOS tugmalari favqulodda holatlarda darhol tibbiy xodimlarni jalb qilish imkonini beradi.

Umuman, mazkur Smart AI-shifoxonada bemorlarning murojaatidan boshlab to‘liq davolanishigacha bo‘lgan barcha bosqichlar to‘liq raqamlashtirilgan.
Masalan, bemor klinikaga kelgach, infokiosklar orqali mustaqil ravishda, inson omilisiz ro‘yxatdan o‘tadi. Keyingi bosqichda hamshiralar tomonidan raqamli monitoring tizimi orqali individual marshrut bo‘yicha tegishli bo‘limlarga yo‘naltiriladi.
Ushbu tizim “raqamli bemor yo‘li” konsepsiyasiga asoslangan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish tezligi va aniqligini sezilarli darajada oshiradi.

Bu yerda tashxis qo‘yish jarayoni ko‘p bosqichli analitik model asosida amalga oshiriladi. Avvalo, davolovchi shifokorning klinik xulosasi olinadi, so‘ng bemorning barcha laborator va instrumental ma’lumotlari sun’iy intellekt tizimiga uzatiladi.
Mazkur tizim 5 ta mustaqil AI-shifokor modulidan iborat. Har biri turli algoritmik yondashuvlar asosida tahlil olib boradi. Yakuniy tashxis sun’iy intellektning konsensus modeli orqali shakllantiriladi. Bu yondashuv dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga chuqur integratsiya qilishga xizmat qiladi.
AI-shifokor tizimi barcha turdagi laborator analizlar, radiologik tasvirlar, klinik belgilar va ma’lumotlarni kompleks tahlil qilib, shifokor tashxisini aniqlashtiradi, differensial tashxisni kengaytiradi hamda optimal davolash strategiyasini taklif etadi. Natijada diagnostik xatoliklar kamayadi, klinik qaror qabul qilish sifati oshadi va individuallashgan davolash modeli joriy etiladi.

Smart shifoxona bazasida Italiya bilan xalqaro hamkorlik doirasida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabalarini tayyorlash bo‘yicha innovatsion o‘quv-amaliy markaz tashkil etilgan. Bu yerda hamshiralik faoliyatida klinik qaror qabul qilish, bemor parvarishi algoritmlari, simulyatsion treninglar va raqamli monitoring tizimlari bilan ishlash ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Ta’lim jarayoni Yevropa standartlari asosida ishlab chiqilgan.Unda dual ta’lim modeli qo‘llanilib, talabalar nazariy bilimlarni klinik muhitda amaliyot bilan integratsiyalashgan holda o‘zlashtiradi. Bu esa yangi avlod hamshiralarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari