• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

Sotish

ent="wid

Bosh sahifa Jamiyat Konstitutsiya va davlat tili siyosati
Jamiyat

Konstitutsiya va davlat tili siyosati

  • 07.12.2025 / 21:23
  • 57
  • 0
111

O‘zbekiston Konstitutsiyasi nafaqat davlat boshqaruvi, siyosiy tizim yoki inson huquqlarining kafolati, balki til masalasining ham eng oliy huquqiy poydevoridir. Asosiy Qonunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida e’tirof etilgani mamlakatning suvereniteti, milliy o‘zligi va ma’naviy qadriyatlarining eng muhim ko‘rinishlaridan biridir. Zero til – xalqning ruhi, millatning o‘zligini belgilovchi asosiy kuchdir. Shu bois Konstitutsiya davlat tiliga berilgan maqom orqali jamiyatda til madaniyatini shakllantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi.

Davlat tili siyosatining muvaffaqiyati, birinchi navbatda, Konstitutsiyada belgilangan normalarning amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanishiga bog‘liq. Bugungi kunda davlat idoralarida ish yuritishning o‘zbek tilida olib borilishi, rasmiy hujjatlarning davlat tilida tayyorlanishi, ta’lim, boshqaruv va jamoatchilik hayotida o‘zbek tiliga nisbatan talabning oshib borayotgani konstitutsiyaviy talabning hayotiy mazmun kasb etayotganidan dalolat beradi. Biroq til siyosati faqat rasmiy sohada emas, balki butun jamiyatda til madaniyatini shakllantirish orqali to‘liq natija beradi.

Til madaniyati, bu – nutqning tozaligi, imlo me’yorlariga amal qilish, atamalardan to‘g‘ri foydalanish va eng muhimi, ona tiliga hurmatning yuksak bo‘lishi demakdir. So‘nggi yillarda davlat tilining mavqeini mustahkamlash borasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayonlarda Konstitutsiya bosh yo‘lchi bo‘lib xizmat qiladi. Chunki Asosiy Qonunda belgilangan talablar barcha sohalarda o‘z aksini topishi lozim.

Til madaniyatining shakllanishida ta’lim tizimi alohida o‘rin tutadi. Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonda o‘zbek tilining to‘g‘ri va chuqur o‘rgatilishi davlat tilining kelajagini belgilaydi. Yaxshi o‘qitilgan, o‘z fikrini ravon ifodalay oladigan yosh avlod – tilning eng kuchli tayanchi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, adabiyot, teatr, kino va san’atning boshqa turlari ham jamiyatda til madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin egallaydi. Bugungi kunda telekanallar, gazetalar, internet nashrlari va bloglar til madaniyatini yuksaltirishda o‘ziga xos platformaga aylangan.

Davlat tili siyosatining yana bir muhim yo‘nalishi – ko‘p millatli jamiyatda uyg‘unlikni ta’minlashdir. O‘zbekistonda turli millat va elatlar tinch-totuv yashab kelmoqda. Bu sharoitda davlat tili barcha uchun umumiy muloqot vositasi bo‘lib xizmat qiladi, lekin boshqa tillarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaydi. Konstitutsiya ham mana shu tamoyilga asoslanadi – davlat tiliga hurmat, lekin barcha millatlarning til va madaniyatiga nisbatan ham hurmat. Bu esa jamiyatda barqarorlikni, o‘zaro ishonch va bag‘rikenglikni mustahkamlaydi.

Konstitutsiyada belgilangan davlat tili siyosati – shunchaki qonuniy norma emas, balki milliy o‘zlik, madaniyat va tafakkurga bo‘lgan hurmatning ifodasidir. Bu siyosat jamiyatda til madaniyatini shakllantirishning huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Til madaniyatining yuksalishi esa jamiyatning ma’naviy darajasini ko‘taradi, davlat boshqaruvi samaradorligini oshiradi, milliy birlikni mustahkamlaydi. Konstitutsiya davlat tilining maqomini belgilabgina qolmay, balki u orqali jamiyatda yuksak til madaniyatini shakllantirish uchun keng va mustahkam huquqiy asos yaratadi. O‘z ona tilini bilish, unga e’tibor bilan qarash va uni rivojlantirish – nafaqat burch, balki har bir fuqaroning Konstitutsiyada belgilangan mas’uliyatidir. Davlat tili – millatning ko‘zgusi, jamiyatning ma’naviy asosidir. Shu sababli uni asrash, rivojlantirish va hurmat bilan qo‘llash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Muhammadjon MAMAJONOV, 
FarDU filologiya fakulteti dekani.   
Nizomiddin QULDASHEV,
FarDU filologiya fakulteti tilshunoslik kafedrasi mudiri.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar