Dunyo miqyosida chiqindilar muammosi kuchayib borayotgan bir paytda, kompost tayyorlash - barqarorlikka erishishning oddiy, arzon va samarali usuli sifatida dolzarb mavzuga aylanmoqda. Har bir uy xo‘jaligi maishiy chiqindilarni kompostga aylantirish orqali nafaqat o‘z bog‘iga tabiiy o‘g‘it yetkazib beradi, balki atrof-muhitni ham muhofaza qiladi. Bu jarayon ekologik muammolarni kamaytirish bilan birga, sayyoramizga foydali o‘zgarishlar kiritishga yordam beradi.
Kompost nima va nega u muhim?
Kompost bu uy va bog‘ chiqindilarini parchalanish jarayonidan o‘tkazib, o‘simliklar uchun boyitilgan tuproq o‘rnini bosadigan tabiiy o‘g‘itdir. Bu jarayon chiqindilarni tabiiy ravishda qayta ishlashga asoslangan. Eng muhim jihati shundaki, kompostlash orqali siz maishiy chiqindilarning 20-50% ini qayta ishlashga muvaffaq bo‘lasiz. Bu esa chiqindilarni poligonlarga tashlash o‘rniga ularni ekologik jihatdan foydali mahsulotga aylantirish imkonini beradi.
Oziq-ovqat qoldiqlari va organik chiqindilar poligonga tushganda, ular kislorodsiz muhitda anaerob tarzda parchalanadi va issiqxona gazlari, ayniqsa metan, hosil qiladi. Ma’lumki, metan karbonat angidriddan 20-35 barobar kuchliroq issiqxona gazidir. Ushbu gazlar iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘ladi va ekologik muvozanatni buzadi. Kompostlash esa bu zararli gazlarning hosil bo‘lishini to‘xtatadi.
Kompostning foydalari
Kompost o‘simliklar va daraxtlar uchun ajoyib oziqa manbai hisoblanadi. Unda azot, fosfor, kaliydan tashqari mikroelementlar va foydali mikroorganizmlar mavjud. Bu moddalar o‘simliklarning sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi.
U tuproqning tarkibini boyitadi, uning yumshoq bo‘lishiga va namlikni ushlab turishiga yordam beradi. Bu, ayniqsa, qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi uchun katta ahamiyatga ega.
Maishiy chiqindilarni kompostlash orqali chiqindixonadagi organik moddalar miqdorini keskin kamaytirish mumkin. Bu esa chiqindixonalar yukini yengillashtiradi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi gazlarning hosil bo‘lishini oldini oladi.
Kompostlash ekologik izni kamaytirishning samarali usullaridan biri. U qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilikda sun’iy kimyoviy o‘g‘itlar o‘rnini bosadi, bu esa tabiatga zarar yetkazishni kamaytiradi.
Kompost qanday tayyorlanadi?
Oshxonadagi organik chiqindilarni (sabzavot po‘stlog‘i, choy barglari, tuxum po‘chog‘i) alohida saqlashni odat qiling. Uni bog‘da yoki maxsus idishda tayyorlash mumkin. Idish yaxshi ventilyatsiya qilinadigan, quyosh tushadigan joyda bo‘lishi lozim. U uchun “yashil” (azotga boy, masalan, o‘simlik qoldiqlari) va “quruq” (uglerodga boy, masalan, karton, qog‘oz) chiqindilarni teng miqdorda qo‘shish muhimdir.
Kompost nam, lekin juda ho‘l bo‘lmasligi kerak. Harorat esa 50-65°C oralig‘ida bo‘lsa, parchalanish jarayoni tezlashadi. Har ikki haftada kompostni aralashtirish orqali kislorod yetkazib, parchalanish jarayonini tezlashtirish mumkin. Kompost tayyorlash - bu har bir uy uchun ekologik mas’uliyatni oshiruvchi va tabiatga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi oddiy, ammo samarali qadamdir.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari