Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 18 fevral kuni Qo‘qon shahri Sadoqat mahallasida yashovchi 1988 y.t. fuqaro A.SH. (ona), mahalla profilaktika inspektori katta leytenant Jahongir Mahmudovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘il farzandi 2010 y.t. o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi O‘.O‘.ning xulqida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilib, uyida oila a’zolari bilan janjallashayotganligi hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.
Profilaktika inspektori Jahongir Mahmudov holatni o‘rganish maqsadida manzilga yetib borib, murojaatchi ayol bilan, farzandining xulq-atvori haqida xizmat xonasida malakali inspektor-psixologni jalb etgan holda profilaktik suhbat o‘tkazish zaruratini tushuntirayotganida, uning farzandi O‘.O‘. Jahongir Mahmudovning orqa tarafidan yaqinlashib, chalg‘ib turganligidan foydalanib, qo‘lidagi oshxona pichog‘ini xodimning chap orqa beliga sanchib olgan.
Og‘ir jarohat olganiga qaramasdan, profilaktika inspektori zudlik bilan fuqaro O‘.O‘.ni jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.

Ichki ishlar organlarining voqea joyiga yetib kelgan yordamchi kuchlari tomonidan xonadonda yashovchi fuqarolarning xavfsizligi to‘liq ta’minlanganidan so‘ng, profilaktika inspektori Jahongir Mahmudov shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Birlamchi tekshiruvga ko‘ra, xodimga “Ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilib, shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Ushbu jinoyat ishi yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari