• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

Sotish

ent="wid

Bosh sahifa Fan va ta'lim Siz kitob o‘qiyapsizmi?
Fan va ta'lim

Siz kitob o‘qiyapsizmi?

  • 03.06.2026 / 06:22
  • 34
  • 0
111

Bugungi tezkor va texnologiyalarga boy davrda kitob o‘qish odati tobora sustlashib borayotgani jamiyat oldidagi dolzarb muammolardan biriga aylangan. Ilgari kitob insonning asosiy bilim manbai bo‘lgan bo‘lsa, hozir uning o‘rnini turli raqamli platformalar egallab bormoqda.

Avvalo, yoshlar orasida kitob o‘qishga qiziqishning pasayishiga eng katta sabab – zamonaviy texnologiyalarning kuchli ta’siridir. Qisqa va tezkor kontentga asoslangan ijtimoiy tarmoqlar inson diqqatini o‘ziga jalb qilib, uzoq vaqt davomida kitob o‘qishga bo‘lgan sabrni kamaytiradi. Natijada chuqur fikrlash va tahlil qilish qobiliyati asta-sekin sustlashadi. Mutolaa soatlarining kamayishiga bo‘lgan yana bir sabab – vaqtni noto‘g‘ri taqsimlashdir. Ko‘plab yoshlar kunining asosiy qismini telefon, o‘yin yoki ko‘ngilochar vositalarga sarflaydi. Kitob o‘qish esa intizom va ichki motivatsiya talab qilgani sababli ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, oilaviy muhit eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Agar oilada kitob o‘qish qadriyat sifatida shakllanmagan bo‘lsa, farzandlarda ham bu odat rivojlanmaydi. Aksincha, kitobxon oilalarda ulg‘aygan bolalar mutolaa qilishga ko‘proq moyil bo‘ladi.

Yurtimizda ushbu muammoni hal etish uchun davlat darajasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar joriy etilib, yoshlarni mutolaaga jalb qilish ustuvor vazifaga aylantirilgan.

Misol tariqasida, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini keltirish mumkin. U orqali jahon va milliy adabiyotning eng sara namunalarini keng ommaga yetkazish yo‘lga qo‘yildi. Bu loyiha yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, “Kitobsevar millat” g‘oyasi asosida turli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida kitobxonlik haftaliklari, tanlovlar va marafonlar tashkil etilib, yoshlarning kitobga qiziqishi oshirilmoqda.

Bu jarayonda kutubxonalarga bo‘lgan e’tiborning ahamiyati beqiyosdir. Darhaqiqat, hozirgi kunda kutubxonalar faoliyati ham sezilarli darajada takomillashtirilmoqda. Zamonaviy kutubxonalar tashkil etilib, aholiga qulay sharoitlar yaratilmoqda. Ba’zi joylarda kitoblarni uyga yetkazib berish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan “Burhoniddin Marg‘iloniy” majmuasida ham insonning chin do‘sti bo‘lgan kitoblar uchun alohida o‘rinlar ajratildi, bu u yerga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz va yurtimiz mehmonlarining e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Shunday tadbirlardan biri sifatida ayni kunlarda viloyatimizda qizg‘in kechayotgan “Har kuni – 20 varaq kitob o‘qiymiz!” chellenjini keltirish mumkin. Viloyat hokimi tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, yoshlar va keng jamoatchilik orasida mutolaaga mehr uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan bu yangi loyiha jamoatchilik o‘rtasida katta dovruq qozonmoqda.

Umuman, O‘zbekistonda bu borada tizimli ishlar olib borilayotgani ijobiy natijalarga umid uyg‘otadi. Eng muhimi, kitobxonlikni faqat davlat emas, balki har bir inson o‘zidan boshlashi kerak. Chunki kitob – bu bilim, tafakkur va ma’naviyat manbai. Agar jamiyatda kitobga bo‘lgan hurmat va ehtiyoj qayta tiklansa, kelajak avlod yanada ongli, bilimli va raqobatbardosh bo‘lib yetishadi.

 

Gulbahor Roziqova,

FarDU professori, filologiya fanlari doktori

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar