Iqtisodiy sud ishlarida taraflar o‘rtasidagi nizoni hal etish jarayonida dalillar asosiy o‘rin tutadi. Amalda esa dalillarni to‘plash, taqdim etish va ularning haqiqiyligini isbotlashda ko‘plab muammolar yuzaga keladi. Bu holat ayrim ishlarda sud qarorining adolatli chiqishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qonunchilik dalillarni turlari sifatida ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini nazarda tutadi.
Odatda, dalillar xo‘jalik subyektlarining o‘zida yoki uchinchi shaxslarda bo‘ladi, ammo bir korxona boshqa korxonaga yuborgan hisob-faktura va tovar-transport yorliqlarini nusxasini saqlamaganligi, shartnoma yoki qo‘shimcha kelishuv elektron xat orqali yuborilganligi, lekin pochta serverida ma’lumotlar o‘chirilganligi tarafning o‘z da’vosini asoslab bera olmasliklariga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Iqtisodiy protsessual kodeksining 68-moddasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga o‘z talablari va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashini yuklaydi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudga murojaat qilgan da’vogarlar ko‘p hollarda dalillarni to‘liq va to‘g‘ri rasmiylashtirmagan bo‘ladi. Masalan, mahsulot yetkazib berish shartnomasidagi majburiyat bajarilganligini isbotlash uchun faqat hisob-faktura yoki mahsulot uchun pul to‘langanligi haqidagi hujjatlar yetarli bo‘lmaydi – ularda to‘liq rekvizitlar, imzolar bo‘lishi, mahsulot (tovar)lar yetkazib berish nazarda tutilgan shartnoma, bitim, kontrakt yoki qayd etib o‘tilgan hujjatlardan tasdiqlangan nusxa; to‘lov talabnoma-topshirig‘i, akkreditiv, yetkazib beruvchi (ishlab chiqaruvchi)ning pattasi yoki uning tegishli tartibda tasdiqlangan nusxasi; da’vo summasining asosli hisob-kitobi; mahsulot (tovar)larni temir yo‘l, suv yoki havo transporti bilan yetkazib berishda – transport yuk xati (konosament), mahsulot (tovar)larni avtomobil transportida yetkazib berishda – tovar-transport yuk xati yoki qayd etib o‘tilgan hujjatlarning tegishli tartibda tasdiqlangan nusxalari; oluvchi – korxona vakliga berilgan ishonchnoma va boshqa dalillar ilova qilinishi lozim.
Ba’zi xo‘jalik subyektlari mavjud xujjatlarni taqdim etmasdan uni yashirib, o‘zi uchun ijobiy natijaga erishishni hoxlaydi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar taraf sud tomonidan talab etilayotgan dalilni o‘zida ushlab turgan va sud so‘rovi bilan belgilangan muddatda uni taqdim etmayotgan bo‘lsa, undagi ma’lumotlar shu taraf manfaatlariga qarshi qaratilgan deb taxmin qilinadi va u tomonidan tan olingan deb hisoblanadi.
Taraflar dalil sifatida taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiy ekanligini tasdiqlashi zarur. Elektron faylning kim tomonidan va qaysi sanada yuborilganini aniqlash mushkulligi, nusxa hujjatlar muhrsiz va imzosiz bo‘lib, sudda haqiqiy deb qabul qilinmasligi, foto yoki video dalilning montaj qilinmaganini ekspertiza orqali aniqlash zarurati borligi dalillarning ishonchsiz deb topilishiga yoki iqtisodiy ishni uzoq muddatda ko‘rilishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Yana bir muammo sifatida shuni ko‘rsatish mumkinki, tashqi savdo shartnomalarida dalillar xorijiy tilda va boshqa davlat standartlariga muvofiq bo‘ladi. Bunda hujjat tarjimasi noto‘g‘ri qilinganligi, xorijiy notarial tasdiq talab qilingan, lekin hujjat apostil yoki konsullik legalizatsiyasidan o‘tkazilmaganligi, alal-oqibat ushbu hujjat yuridik kuchga ega emasligiga olib keladi.
Ishga daxldor bo‘lmagan dallilarning taqdim etilishi ham muammolardan biridir.
Xulosa qilish mukinki, iqtisodiy sudlarda dalillarni taqdim etish va isbotlash jarayonidagi qiyinchiliklar ko‘p hollarda taraflarning tayyorgarlik darajasi va protsessual talablarga amal qilish-qilmasligiga bog‘liq. Muddat, haqiqiylik va tegishlilik mezonlariga rioya etish orqali bunday muammolarning oldini olish mumkin.
Husniddin Abduraimov,
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari