So‘nggi paytlarda mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ularni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish, jinoyat protsessida guvoh sifatida jalb etishnipg aniq mexanizmlarini belgilash zaruriyati yuzaga kelayotganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 17 apreldagi 1130-sonli “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalarning kiritilganligi yuqoridagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Xususan, ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksiga bolalarga nisbatan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon bo‘lgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini hamda ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shubhasiz, ushbu Qonun amalda bu toifadagi jinoyatlarning oldini olishga, sodir etiladigan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Raimkulov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining raisi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari